SO'Z LATOFATI

IBTIDO

Dunyoning eng ajib, eng sirli va sehrli sayohatlaridan biri So‘z olamiga sayohatdir. Negaki, So‘z yaralishdan mo‘jiza. Avval So‘z bo‘lgan, deyiladi muqaddas kitoblarda. Hazrat Navoiy aytganlar: So‘z kelib avvalu jahon so‘ngra, Ne jahonki, kavn ila makon so‘ngra. Chunki mavjud bo‘lsa nuktai “kun”, Bo‘ldi mavjud toza, yo‘qsa kukun. Yaʼni, avval So‘z kelgan, Ollohning “bo‘l” degan nidosi kelgan va mayda zarrachalar olamidan yangi Olam yaralgan. Agar shu ilohiy So‘z kelmaganda olam kukunligicha qolgan bo‘lardi. Xoliqi olam odamzodga idrok va So‘z aytish neʼmatini berib, uni barcha xilqatlaridan ustun yaratdi, jonli va jonsiz olamga hokim qildi. Olamni idrok qilgan inson So‘zni idrok qiladi. So‘zni idrok qilib olamni yana-da teranroq idrok qiladi. So‘zning ildiziga yetgan kishi dunyoning tagiga yetgandek bahra topadi. Insoniyat tarixi so‘zlar qismatida yashirinib yotar ekan. Olamni oxirigacha anglab bo‘lmaganidek, So‘zning ham tubiga yetish imkonsizdir. Biz ko‘zlamoq, ko‘zikmoq, ko‘zguning ko‘zdan kelib chiqishini bilamiz, lekin ko‘z nima sababdan ko‘z deyilganini, nega uni birov ayn, birov chashm, birov glaz, birov ay deb atashini bilmaymiz. Nega toshni bizning ajdod tosh degan, boshqalar xajar, sang, kamen, stoun, shtayn ataganlar, bu yuzlab nomlar qayerdan kelgan, bilolmaymiz. Biz faqat farazlar qilamiz, asl haqiqat esa sirlar ummoni tubida yotibdi. Lekin baribir tinchimas idrok egasi bo‘lgan odamzod g‘avvos bo‘lib bu ummon ostini kezadi, kashfiyotlar qiladi va kashfiyotlari ham cheksizdir. Yana o‘ylasam, izlanishlarimiz kabi g‘ofilligimiz-da poyonsiz ekan. So‘zni eshitamiz, so‘zlashni qotiramiz, lekin So‘z mag‘zini chaqish aksar xayolimizga kelmaydi. Nega shunday deymiz, deya o‘zimizga savol bermaymiz. Bu sinoat to‘la olam bamisoli olisdagi yulduzlardek noayon qolaveradi. Uzum yedim, “uzum” dedim, bilsam, tokdan uzib yedim, degandek, o‘z qo‘lim bilan ishkomdan uzum uzaturib, bu so‘zning uzmoqdan olingani xayolimga kelgan edi. Axir ungan narsani unum, g‘uj o‘sgan mevani g‘ujum, jamiyat tuzilishini tuzum, cho‘g‘ning qo‘ridan qolgan kulni qurum, deymiz. Og‘izga solib yutganimiz yutum, tomoqdan qult etib o‘tgan suv qultum bo‘lganidek ishkomdan uzib yeganimiz uzum bo‘ladi-da, deya o‘z sodda kashfiyotimdan suyungan edim. Kuraydigan qurolimiz kurak, ichki aʼzo ichak, gul tubida turadigan idish tubak ― biz uni tuvak deymiz. Kaftni kaftga urish ― olqish belgisi. Chiqqan tovush chapillasa chapak, qarsillasa qarsak bo‘ladi. Buni anglash qiyin emas, lekin ko‘ksimizda gursillab urgan yurakni yurak deyish to‘g‘rimi yoki urak? Yurak yuradimi, uradimi? Ko‘krak-chi? Nega ko‘ksimizni shunday ataymiz? Ko‘ksim osmon, degandek bu nom ko‘k, yaʼni osmon bilan bog‘liqmi? Undoq desak, emikdosh maʼnosida keluvchi ko‘kaldosh so‘zidagi ko‘k o‘zagi nimani anglatadi? Qozoqlar akani ko‘ka deb chaqiradilar. Bu so‘zlarning ko‘krakka aloqasi yo‘qmikan?.. Bunday jumboqlar yuzlab, minglab so‘zlarimiz zamirida yotibdi. Ular bizni qiynashi, uyqu bermasligi kerak, Mahmud Qoshg‘ariy bobomizning kitobi yostig‘imiz ostida bo‘lmog‘i kerak. Biz tabarruk qadriyatlarimiz tiklanayotgan zamonda yashamoqdamiz. Istiqlol yillarida ona tilimiz rivoji uchun sezilarli ishlar qilindi. Lekin ko‘p asrlik yo‘qotishni sanoqli yillarda tiklash mushkul ekan. Ona tili umummillat mulkidir. Demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir. Eski tuzum barbod bo‘ldi, Ostanovka turganda bekat, rayon turganda tuman, vilka turganda sanchqi deyishga nima bor, deguvchilarning davri o‘tdi. Tilimiz sekin-astalik bilan bo‘lsa-da o‘zbekchalashib bormoqda. Adabiy ijod hamisha So‘z olamiga sayohatdir. Ijodkor So‘zni tirik jon deb biladi va So‘z bilan so‘zlashadi. Mening bu yozganlarim ana shunday jonli til bilan jonli suhbat bo‘lishini istayman. Umrini yashab bo‘lgan va barhayot, men anglagan va anglab yetmagan sohir xilqat bilan ko‘ngil bog‘larida kezib, xayolan So‘z bilan so‘zlashsam, Til bilan tillashsam, deyman. Siz azizlarimni ham bu sayrda hamroh bo‘lishga taklif etmoqchiman. So‘z mo‘jizasi qoshidagi hayratlarimga oshno qilmoqchiman. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-23 02:38:59