SO'Z LATOFATI

ISMIYAMINNING ISMI YAMINMI?

Islomning bag‘ri keng din ekani olamga ayon. Qurʼoni Karimning “Omantu” oyati bilan har bir musulmon uchun Ollohga, uning farishtalari, rasullari, muqaddas kitoblariga imon keltirmoq farz etilgan. Yolg‘iz Muhammad alayhissalom emas, balki nasaro, yahudiy dinlarining-da barcha payg‘ambarlarini aziz tutmoq, tanho Qurʼoni Karim emas, Tavrot, Zabur, Injilni ham tabarruk bilmoq buyurilgan. Buni anglab yetgan Yevropa, Rossiyaning buyuk shoir va yozuvchilari, olimlari Islom diniga yuksak ehtirom ko‘rsatganlar, chuqur o‘rganish, targ‘ib qilishga jazm etganlar. Iogann Hyote va Lev Tolstoy bunday ulug‘larning eng ulug‘laridir. Diniy bag‘rikenglikka xalqimiz tabiatidagi ochiqko‘ngillik, mehmonnavozlik qo‘shilib, bukunda G‘arb uchun tabarruk fazilat va yuksak orzu bo‘lgan tolerantlik g‘oyasi bizning azaliy eʼtiqodimizga aylanib bo‘lgan. Ota-bobolarimiz tolerantlik degan istilohni bilmagan bo‘lsalar ham unga amal qilib yashaganlar. Amal qilibgina qolmay, yahudiy va nasaro dinining nabilari, aziz avliyolari ismini farzandlariga qo‘yganlar. Islomdan ko‘p asrlar muqaddam yashab o‘tgan Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub, Yusuf, Ayyub, Muso, Dovud, Sulaymon, Ilyos, Yunus, Doniyol ―bizlar Doniyor deymiz,― Zikriyo, Yahyo, Iso kabi payg‘ambarlar, Luqmon, Uzayr, Iskandar kabi aziz avliyolarning ismi bilan atalgan musulmonlar dunyoning har yerida bor. Hech kim bu ismlarning asl egalari qanday dinga eʼtiqod qilganlari va qanday millat vakillari bo‘lganlarini surushtirmaydi. Ularning aslida Abraam, Isaak, Iakov, Iosif, Solomon, Daniil, Moisey, Iusus bo‘lganlari bilan birovning ishi yo‘q. Shuni bilamizki, bu rasullar ham Ollohning elchilari bo‘lganlar, bu aziz avliyolar ham biznikilar. Diniy mutaassiblik xatarli tus olgan bizning kunlarda Islom maʼrifatini anglash va anglatish, qonimizga singib ketgan bag‘rikenglikni olamga tushuntirish bag‘oyat zarur ishdir. Toki Qurʼoni karimni o‘tga yoqib savob topmoqchi bo‘lgan g‘arblik jaholat bandalari bilsinlar: Ular Qurʼonga qo‘shib o‘z xudolari va payg‘ambarlarini yoqayotirlar. Istanbulda “Ayo Sufiya” jome masjidi bor. U bir zamon nasroniylar ibodatxonasi bo‘lgan. Hozirda qadamjoga aylangan masjid gumbazi va devorlarida Iso alayhissalom, Bibi Maryam va boshka nasaro aziz avliyolarining muzayyan suvratlari bor. Ularga boqib Islomning buyuk va olijanob qadriyatini o‘ylayman. Xayolimda “Ayo Sufiya” jomesi bamisoli o‘zi joylashgan shaharda Bosfor ko‘rfazi ustiga qurilgan mahobatli ko‘prik kabi Sharq bilan G‘arbni, ikki buyuk eʼtiqod qitʼalarini tutashtirib turibdi. U diniy bag‘rikenglik, eʼtiqodlar birodarligiga timsol obida bo‘lib Istanbul va Konstantinopol deya ikki egiz nom bilan atalgan shaharda qad ko‘targan. Endi navbat sarlavhadagi savolga keldi. Hazrat Yaʼqub alayhissalom Rohila ismli xotinidan ko‘rgan farzandining ismini Benyamin deb qo‘ygan ekan. Bu ismning maʼnosi ibroniy tilda “o‘ng qo‘l” bo‘lib, hazrat Yaʼqub, o‘g‘lonim mening o‘ng qo‘lim bo‘ladi, degan niyat bilan shunday nom qo‘ygan ekan. Bu nom Qurʼoni karim tafsirlarida Ibn Yamin tarzida keladi. Benyamin, yoki Benjamin G‘arbda keng tarqalgan ism. O‘n sakkizinchi asrda yashagan, AQSHning mustaqilligi uchun kurashgan maʼrifatparvar olim, mutafakkir, davlat arbobi Benjamin Franklin ularning ulug‘idir. Bukunda Amerikaning yuz dollarlik pulida shu buyuk insonning suvrati bor. Dunyoda mashhur bo‘lgan Benyaminlardan biri Isroil Bosh vaziri Netanyaxu bo‘lsa, yana biri O‘zbekistonda taniqli bo‘lib o‘tgan xofiz Soson Benyaminovdir. Uning “Toshkent osmoni” degan qo‘shig‘i qulog‘imizda hamon yangrab turadi. Bu ism o‘zbekchada Ibniyamin, Emniyamin, Ismiyamin shaklida aytiladi. Bugun xalqimizning go‘zal xonanda qizi Dilnoza Ismiyaminova bois bu ism yana shuhrat topdi. Demak, Ismiyamin ismining o‘zagi, darhaqiqat, Yamindir. Yamin esa o‘ng tomonni bildiradi. Bag‘ri keng o‘zbekning ovozi dunyo bo‘ylab taralsin, ishi hamisha o‘ngidan kelsin. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 10:39:32