SO'Z LATOFATI

QATAG‘ON

Tilimizda qattiq so‘ziga asos bo‘lgan qat o‘zagi bor. Qatqaloq desak qat, qotgan loy desak qot bo‘ladi. Bu o‘zakning yana bir maʼnosi qavat. Qat-qat, qatlam, qatlama so‘zlari shundan. Qatilmoq so‘zining ildizi ham qat. Qo‘shilmoq, aralashmoq degan mazmunda. Maʼdan qotishmasi shu tushunchadan. Mis bilan qalay eritib aralashtirilsa qotishma bo‘ladi. Qatning bu maʼnosi hozir ko‘proq maqollarda, shevalarda qolgan. Qo‘shiluv, aralashuv, birikuv so‘zlari qatiluvni chetga surib qo‘yganlar. Ajabki, men qatiqni sutning ivib qattiq holga kelgani, qotgani, deb tushunar ekanman. “Devonu lug‘atit turk”da yozilishicha qatiq― qatiluvchi, yaʼni taomga qo‘shib, aralashtirib tanovul qilinuvchi yemak ekan. Shu o‘rinda bir ilova. Birqancha Ovrupo tillarida qatiqni yo‘gurt deydilar. Bu sof turkiy o‘zbek so‘zi. Uni dunyoga sovg‘a qilib, o‘zimiz qatiq deymiz. Bamisoli olov, cho‘g‘ maʼnosidagi o‘t so‘zidan yasalgan o‘tug so‘zimizni utyug shaklida boshqalarga berib, o‘zimiz dazmol deganimiz, yoki qaftanimizni birovga kiydirib, o‘zimiz to‘n, chopon kiyganimiz kabi. Bunday himmat inglizlarda bor. Ular apelsin degan inglizcha so‘zni butun olamga ulashib, o‘zlari oranj deydilar. Qat bilan qot o‘zagining Qoshg‘ariy bobo bitmagan maʼnolari bugun bizda bor. Ishni, gapni qotiramiz, farg‘onacha aytsak, qatirib tashlaymiz. So‘zamollik bilan boshqalarni lol qilib, qotirib qo‘yamiz. Bunday “qotirish”lar qadimda bo‘lmagan chog‘i, eski lug‘atlarga kirmagan. Qattiq degan so‘zning o‘zi quloqqa qattiq eshitiladi. Go‘yo ohangda maʼno yashiringandek. Arab tilida ham qatʼiy, qatʼiyat so‘zlarining o‘zagi qatʼ. Bu qattiq tovushli so‘z uzish, kesishni anglatadi. Qatʼiy so‘z ― kesib aytilgan so‘z. Qiziqki, ingliz tilida ham kesish, qirqish kat deyiladi. Hechbir qarindoshligi bo‘lmagan bu uch tildagi ohangdoshlikka sabab nima? O‘zbekcha qatning qattiqligi, arabcha qatʼ, inglizcha katning mato kesgandagi tovushga o‘xshashligi ayon. Demak, har bir atama zamirida insonning nozik hissiyoti, qalbi va ongidagi tovushlar, ranglar dunyosi, yana biz anglab yetmagan oltinchi, yettinchi, sakkizinchi tuyg‘ulari yashirin ekan. So‘z orasida so‘z: o‘zbekcha yemak bilan ruscha есть so‘zlarining o‘zagi bitta ― ye! Biz ye, desak, ruslar ешь, deydilar. Еда, ем, едим so‘zlari rus tilida yemish,yemoqdaman, yemoqdamiz degan maʼnoni bildirsa, o‘zbekchalab, ye-da, desak, yegin-da, deb qistagan bo‘lamiz. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 10:46:53