SO'Z LATOFATI

Oy farzandi

Amerikaning Los-Anjeles shahrida O‘zbekistonning sadoqatli bir do‘sti yashaydi. Kelib chiqishi mojar bo‘lgan bu turkolog olim Los-Anjeles universitetida maxsus kurs ochib, amerikalik talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatadi. Ular diyorimiz nafasini his qilishi uchun O‘zbekistondan olim va ijodkorlarni taklif etib, suhbatlar uyushtiradi. Ismi Andrash, nasabi Bodrogligetti. Talaffuzi qiyin, yodda saqlash undan ham qiyin bo‘lgan bu familiyani ilk bor eshitganimda olimni italiyalik deb o‘ylagandim. Los-Anjelesda ko‘rishib, unga shu savolni berdim. ― Familiyam aslida Badrogligetti. Bad so‘zi forscha ham, inglizcha ham yomon degan maʼnoni bildirgani uchun bu yurtda nasabimni bir harf o‘zgartirib Bodrogligetti deydilar. Lekin italiyalik emasman. Familiyam sof turkcha.― Shunday deb Andrash domla qo‘liga qalam oldi va o‘z familiyasini uch qismga bo‘lib yozdi: Badr ogli getti. Badr so‘zini bilamiz, oy degani. Qolgan so‘zlar ham tanish. O‘g‘uz turkchasidan o‘zimizning shevaga o‘girsak, Oy o‘g‘li ketdi, degan maʼno chiqadi. ―To‘yda tug‘ilgan To‘ychi, yo‘lda tug‘ilgan Yo‘lchi, jumada tug‘ilgan Jumavoy, Odina deb ism olganidek, allaqaysi bobokalonim oydin kechada tug‘ilgani uchun Badr o‘g‘li deb nom qo‘yishgandir. O‘z yurtidan ketish naslimiz qismatida bor ekan shekilli, men ham asl vatanimdan uzoklarda Bodrogligetti bo‘lib yuribman. Sharqu g‘arbning o‘nlab tillarini bilgan, ularni chog‘ishtirib taxlil qilgan Andrash domlaning bu so‘zlarini avval balki xayolot mevasi, shunchaki hazildir, deb o‘yladim. Axir tilimiz shu qadar boy va ranginki, har so‘zni o‘n yoqqa burish mumkin, o‘t degan so‘zning o‘ttiz xil, yuz degan so‘zning yuz xil maʼno tovlanishi bor. Lekin millat taqdirini o‘ylasam, mojarning turkiy xalqlarga tarixan tutashligini hayolga keltirsam bu gap hazilga o‘xshamadi. Olis o‘tmish manzaralari ko‘nglimdan kechdi. O‘z yurtida qo‘nim topmagan, qismat dunyoning turli burchaklariga tarqatib yuborgan qadimgi ajdodlarimizning sarson sargardonligi fikrimni chulg‘adi. Badr o‘g‘li ketdi... Bu so‘zlarda butun bir tarix namoyon bo‘ldi. To‘rt yuz yil naridan Buxoroni tark etib olis va sovuq Sibirga ketgan o‘zbeklarning nolasi keldi, yana ikki yuz yil o‘tib ulardan mingga yaqin oilaning Turkiyaga ko‘chgani, sibirliklari ham, turkiyaliklari ham to hanuz o‘zlarini buxoriylar (ruscha buxarsi) deb atashlarini o‘ylab ketdim. Taqdirni qarangki, ikki karra bevatan qolgan g‘ariblarga Turkiyada Bag‘ri tilik deb atalgan tog‘ etagidan joy berilibdi. Xayol meni yana ming yil narida Idil va Yoyiq soxillarida yashagan, hozirda Volga va Ural atalgan daryolardan suv ichib, bepoyon kengliklarda ot surgan o‘zbeklar yurtiga olib uchdi. Xalqimiz tatar, bulg‘or, mojar, o‘rus ellari bilan yelkadosh kun kechirgan yaylovlar ko‘z oldimga keldi. Badr o‘g‘li ketdi... Xayolan men o‘n ming yillar olisda Sibirdan Alyaskaga ko‘chgan turkiy qabilalarning qo‘shiqlarini eshitdim. Amerikalik hindularning baxshilar kabi bo‘g‘izdan chiqarib aytgan qo‘shiqlari qulog‘im ostida yangradi. Bu ming yilar tubidan kelgan dard sadosi edi. Mojar xalqi o‘z ildizlarini qadimgi turkiy qavmlar bilan tutash ko‘rgani uchun Mojaristonda turkologiya fani asrlar davomida rivoj topgan. Bu anʼana hozir ham davom etadi. Bu o‘lkadan ikki yuz yilcha avval Markaziy Osiyoga kelib, Buxoro va Mavorounnahr tarixini yozgan German Vamberidan tortib zamondosh do‘stlarim Ishtvan Kongor va Andrash Bodrogligettigacha dunyoga tanilgan necha-necha turkshunos olimlar yetishdilar. Ular yurtimizga safar qilganlarida Samarqandu Buxoroni tamosha qilishni ko‘zlab emas, mojar xalqining teran tomirlarini izlab kelganlar. Бадр ўғли кетди... Можарнинг ҳам, ўзбекнинг ҳам Ой ўғли эканига ишончим бор. Бадр ўғли Сибирга кетди, Аляскага кетди. Идил ва Ёйиқ соҳилларидан Ҳазар ва Орол бўйларига кетди. Бу юртда минг йиллар яшаган ерлик аждодларимиз билан дунёнинг энг кўҳна давлатларидан бири бўлган Хоразм давлатини тузди. Яна минг йиллар ўтиб Босфор бўйларига кетди ва ҳозирги Туркияга асос солди. Ой ўғли кетди. У оламнинг тўрт ёғига кетди. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 11:27:19