SO'Z LATOFATI

UCH DARYODAN SUV ICHGAN DENGIZ

Ona tilimni muazzam va ulug‘ desam, eʼzozlab boshga ko‘tarsam, buning boisi o‘zimniki bo‘lgani, jonimga yaqinligi uchun emas. Shunga ishonganim, iymon keltirganim uchun, mening ham bir ikki tildan xabarim bo‘lib, qiyoslash imkoniyatlarim borligi uchundir. Bir tomchi shabnamdek moʻjaz va tiniq elchi degan sof o‘zbekcha turkiy so‘zda qancha hikmat bor! El deb, elat deb xalqni aytamiz. Yana yov hech qachon el bo‘lmaydi, deymiz, yomonga elakishma degan o‘gitimiz bor. Bu o‘rinda el do‘stlik, yaqinlik maʼnolarini bildiradi. El qadimda davlat tushunchasini ham ifoda qilgan. Elchi bir xalqdan, bir davlatdan boshqa yurtga yuborilgan vakilgina emas, balki elni elga el qiladigan odam, xalqlar o‘rtasida mehr rishtasini bog‘lovchi, do‘stlik ko‘prigini quruvchi hamdir. So‘zning o‘zida shaxs zimmasidagi zalvorli yuk bor. Elchi adolat va ezgulik yo‘lida haq so‘zni aytishga burchli inson. Uning joniga esa kafolat hujjati qilib, qonundek mustahkam, shohlar hukmidek qatʼiy hikmat aytilgan: Elchiga o‘lim yo‘q! Omonat degan o‘zbekona so‘zga qalb qulog‘ini tuting. Qanchalar teran insoniy tuyg‘ular bor bu so‘zda. U mulk haqida aytilsa birovning omonati, jon haqida aytilsa Ollohning omonati. Banda uchun dunyo omonat, dunyo uchun bandaning o‘zi omonat. “Yog‘ilur har dam falakdan boshingga gardi firoq, O‘t ravonroqkim, omonatdir base bu eski toq.” Inson boshiga osmondan gard yog‘ilib turadi. Biz bugun bu gardni kosmik chang, deymiz. Fazoviy jismlarning Yer atmosferasida yonib ketishidan hosil bo‘lgan kul, deymiz. Bunday gardni Hazrat Navoiy besh asr muqaddam qayoqdan bilgan, deya hayron bo‘lmang. Beruniylar, Ulug‘beklar yashagan yurtda fazo sirlari ayon edi. Hayratga sabab boshqa, yaʼni bu ilmiy haqiqatning falsafiy xulosasi, badiiy timsolidir. Ey odamzod, deydilar hazrat, boshingga yoqqan samo changlari ayriliq gardlaridir. Tomidan tuproq yog‘ilgan uyda uzoq turib bo‘lmaydi. Bunday uy omonat. Chirigan tom ostida yashash xatarli. Osmonidan gard yog‘ilgan dunyoni, bu eski toqni ham ravonroq, tezroq tark etgan yaxshidir. Omonat so‘zining maʼno tovlanishiga qarang. Uy omonat, olam omonat. So‘z― zabarjad, So‘z ―gavhar, oltin, Zargarlikning mashaqqati ko‘p. So‘zni baytga qadashdan oldin Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p! Ona tilimni sevmasam, so‘zlariga mahliyo bo‘lmasam, hayratlanmasam menga shoirlik qayda edi! Oftob chiqdi, quyosh chiqdi, kun chiqdi, Mehru shamsu xurshidi gardun chiqdi. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 10:08:02