SO'Z LATOFATI

DAMASHQDA MASHQ

“Devonu lug‘atit turk”da edgu deb bitilgan, yaxshilikni anglatuvchi bu asl turkiy so‘z bugungi adabiy tilimizda ezgu shaklida qo‘llaniladi. Bamisoli arabcha darbni zarb, daifni zaif deb aytganimiz kabi. Til taraqqiy etgani sari qattiq tovushlar yumshoqlari bilan almashib boradi, chog‘i, qadimgi odoq so‘zi oyoq, adiq so‘zi ayiq bo‘ldi. Usmonli turk tilida qattiq q tovushi yo‘qolib bo‘lgan. Ezguga aylangan edgu so‘zidan bora-bora jo‘n xalq tilida z ham tushib qoldi. Egilikning kechi yo‘q, deydigan bo‘ldik. Darhaqiqat, yaxshilikning kechi yo‘q. Turk qardoshlarimiz talaffuzni yengillashtirishda bizdan ham o‘zib ketdilar. Ular edgu ham, ezgu ham, egi ham deb o‘tirmay iyi dedilar qo‘ydilar Yaxshi so‘zi turk tilida iyi bo‘ldi. Agar tilni muayyan xalqning jamoaviy intellektual mulki desak, so‘zlarni buzish, qisqartirish, har qanday o‘zgartirish qatʼiy taqiqlanishi kerak edi. Lekin til to‘g‘risida xalqaro bitim yo‘q. Xalqlar bir-biridan so‘z va atamalarni hech bir ijozatsiz oladilar, o‘zlariga moslab istagan shaklga soladilar, xohlagan maʼnoni yuklaydilar, tanib bo‘lmas holga keltiradilar. Rivoyat qiladilarki, Mirzo Bedil ko‘chada ketaturib o‘z baytlarini buzib xirgoyi qilayotgan devorzan yonida to‘xtabdi va indamay uning tergan g‘ishtlarini yiqitaveribdi. Hay-haylab dod solgan devorzanga qarab shoir shunday debdi: Men faqat devoringni buzdim, sen sheʼrimni buzib mening xonumonimni vayron qilding. Kim ko‘proq faryod ko‘tarishi kerak, senmi yo menmi? Devorzan tavba qilib uzr so‘ragan ekan. Ajabo, sheʼrning egasi bor, lekin so‘zning egasi yo‘q. U bamisoli charaqlagan yulduz, oqib yotgan daryo, esib turgan shamol kabi hammaniki. Hech kim hech kimga, hech bir xalq boshqa hech bir xalqqa, mening so‘zimni olding, o‘zgartirding, buzding, deya daʼvo qilmaydi. Ruslar firʼavnni faraon, Bobilni Vavilon, Suriyani Siriya deb aytsalar, bizning ismlarimizni Kadir, Tadji, Gulyam deb talaffuz qilsalar, yoki inglizlar Rossiyani Rasha desalar birov, hay, nima qilyapsan, demaydi. Chunki bu hol ko‘pga kelgan to‘y. O‘zimiz ham talay xorijiy so‘zlarning dodini berganmiz. Damashqda bir arab shoiriga Alisher Navoiy devonlaridan birining nomi “Badoyiul-vasat” deb tushuntirolmadim. Arab tilida bunaqa so‘z yo‘q, deb turib oldi. Har qancha urinmay uqtirib bo‘lmadi. Jahlim chiqib ichimda, eh, o‘zining tilini bilmagan arab, dedim. Bu bahsni uzoqdan eshitib turgan boshqa arab yonimizga keldi-da, mendan so‘radi: ―Balki “Badoiul” emas, “Badoiʼul vasat”dir? U so‘z o‘rtasidagi ayn tovushini chuqur bo‘g‘izdan chiqarib shunday g‘ayritabiiy ovoz bilan aytdiki, men bunaqa tovushni hech qachon o‘xshata olmasman. ―Xuddi shunday, dedim quvonib, ― faqat bunday talaffuz qilish uchun arab bo‘lib tug‘ilish kerak ekan. O‘sha kuni, o‘zining tilini bilmagan arab, deb ichimda aytgan gapimni yana ichimda qaytib oldim. Biz mehmon bo‘lgan Suriya arablarining katta qismi xristian dinida. Xalafdan qaytishda yo‘l chetidagi nasroniylar mozorida to‘xtab o‘tdik. Marmar lavhalarga arabcha xat o‘yilgan, ustida xoch ― krest o‘rnatilgan edi. Arab yozuvi bizning ongimizga Qurʼoni karim xati, islom belgisi bo‘lib joylashgani uchun bu manzara menga ajabtovur bo‘lib ko‘rindi. Meni ajablantirgan yana bir narsa shu bo‘ldiki, arab adiblari grammatika, yaʼni sarfu nahv ustida tortishib qolsalar Zamahshariyni “qozi” qilar ekanlar. Zamahshariy bundoq yozgan, deyilsa, tamom, bahs tugar, eʼtirozga o‘rin qolmas ekan. Mening bu ikki hayratimdan Damashqda bir to‘rtlik qog‘ozga tushgan edi. Yon daftarda qolgan o‘sha mashq budir: Zamahshariy bobom sarfu nahv bitib, Arab o‘z tilini o‘rganib olmish. Dunyoning yarmini musulmon etib, Bu el o‘zi yarmi nasroniy qolmish. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 10:17:41