SO'Z LATOFATI

MAOSH VA OSH

Maosh deganda biz bugun oylik ish haqini tushunamiz. Maosh oldingmi, maoshing qancha, deb so‘raymiz bir- birimizdan. Aslida bu so‘zning maʼnosi tiriklik, hayot kechirish, yashamoqdir. Hazrat Navoiy ham “Maosh aylamak ajdaho komida”, deya bu so‘zni xuddi shunday maʼnoda aytganlar. Yaʼni, shoh huzurida uning istak-irodasi bilan yashamoq ajdaho og‘zida tiriklik qilmoq bilan barobar. Biz anglagan maosh asli shu maʼno hosilasi. Qadimdan davlat xizmatidagi kishilarga maosh tayinlangan, yaʼni tirikligi taʼminlangan. Bu so‘zga o‘zakdosh bo‘lgan maishatning qismati ajoyib. yashamoq maʼnosidagi bu so‘z bugun o‘zbeklar orasida aysh- ishratni bildirsa, urdu tilida so‘zlashuvchi hindlar uni iqtisod maʼnosida ishlatar ekanlar. Bilamizki, hind, urdu tillarida bizga tanish so‘zlar ko‘p. Bu sehrli yurt xonandalarining qo‘shiqlarida muhabbat, inson, olam, osmon so‘zlarini eshitsak yayraymiz. Xalqlarimiz o‘rtasidagi asriy do‘stlik rishtalarini eslatib turadi bu jahongashta so‘zlar. Yana unutmasligimiz kerakki, bizga tanish hamma so‘zlar ham biz tushungan maʼnoni anglatmaydi. Agar Hindistonga jurnalist sifatida borgan bo‘lsangiz zinhor ba zinhor kamina muxbirman, deya ko‘rmang. Men yaramas ayg‘oqchiman, degan bo‘lasiz.Chunki kamina tuban, pastkash maʼnosini anglatadi. Muxbir esa ayg‘oqchi, josus demakdir. Yana bir maslahat, Hindistonlik do‘stingizni vatanga taklif qilmoqchi bo‘lsangiz, aslo, senga taklif olib keldim, yoki taklif yuboraman, deb aytmang. Negaki, taklif so‘zi kulfat keltirishni anglatadi. U yurtlarda birov sizga xor-zor odamlarni ko‘rsatib, ularni iflos desa, yoki iflosdan qutulish haqida gapirsa xayolingiz buzulmasinki, gap qashshoqlar to‘g‘risida, qashshoqlikni yo‘qotish ustida borayotgan bo‘ladi. Iflos va muflis so‘zlarini mumtoz adabiyotimizda ham faqir, yo‘qsil maʼnosida ko‘plab uchratamiz. Keling, yomon so‘zlarni chetga surib, o‘zimizning har jihatdan yoqimli maosh so‘zimizga qaytaylik. Bu so‘zning yemak va ishhaqi maʼnolari bizga yunon tilidan kirib kelgan diyeta so‘zining ikki maʼnosini eslatadi. Diyetani biz parhez o‘rnida ishlatamiz. Lekin aslida diyeta taom demakdir. Yemakning hamma xili, qazi-qarta ham, yovg‘on sho‘rva ham diyeta hisoblanadi. Arslonning diyetasi kiyik, kiyikning diyetasi giyoh. Qadimgi Yunonistonda eng yuqori davlat organi bo‘lgan xalq majlisi aʼzolariga beriladigan ish haqi ham diyeta deb atalgan. Yunoncha bu so‘zning hayot kechirish maʼnosi ham, tanovul maʼnosi ham, mablag‘ maʼnosi ham arabcha maoshga muvofiq keldi. Endi bir savol qoldi. O‘zimizning osh maosh dan kelib chiqqan emasmikin va yo, aksincha, osh so‘zimiz plov singari jahongashta bo‘lib arab yurtiga sayohat qilmadimikan? Bu masala yechimini bilimdon tilshunoslarimizga qoldirib, so‘zimni nuqta bilan emas, kattakon savol belgisi bilan tugataman. ERKIN VOHIDOV, "SO‘Z LATOFATI" KITOBIDAN

2020-10-29 10:34:46